O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag'ishlangan targ'ibot tadbirlari.

05-12-2023 | 17:12

213

Bugun qariyb 65 foizga yangilangan Konstitutsiyamiz mamlakat taraqqiyotining kafolati sifatida xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to'la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjatga aylandi.

Yangi O'zbekiston milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab bergan kontseptual hujjatning qabul qilinganiga ham mana 31 yil to'ldi.

Joylarda Prezidentimiz tomonidan bosh g'oya sifatida belgilab berilgan «Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!» shiori ostida bayram tadbirlari butun Respublikamiz bo'ylab keng nishonlanmoqda.

Beruniy tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi faollar zalida o'tkazilgan navbatdagi tadbir ham ayni shu maqsadda tashkil etildi.

Unda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Beruniy tumani Kengashi apparat rahbari, Xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashi deputatlari va ma'naviyat targ'ibotchilar guruhi a'zolari ishtirok qildilar.

Ma'ruzachilar tomonidan baxtimiz qomusi bo'lgan Konstitutsiyamiz xalqlarimizning huquq va erkinliklari kafolati ekanligi, tashabbuskor, partiyalar ichida lider partiya bo'lgan O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan joriy yil 30 aprel kuni o'tkazilgan Referendum orqali Konstitutsiyamiz yangilanganligi, yangi O'zbekistonda inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustunligi, avvalo inson, keyin jamiyat va davlat degan g'oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham singdirishimiz zarurligi, bugungi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo'lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o'tishga qodir bo'lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyamiz yangilanib, bir qancha o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilganligi va shu kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Beruniy tumani hokimligi Axborot xizmati