QAROR VA IJRO Senatorlar hukumat qarorlarining bajarilishini o'rgandi.

09-06-2023 | 18:14

591

Senatorlar B.Alixnov va B.Matmuratov Beruniy tumanidagi tashrifi davomida hukumat qarorlari asosida bajarilayotgan ishlar bilan ham tanishib, ularning bajarilishi bo'yicha joyiga chiqqan holda o'rgandi. Beruniy tumani Mahtumquli ovul fuqarolar yig'inida investitsiya dasturi asosida buzib, qayta qurilayotgan 90 o'rinli 43-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentyabr kungi “Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qulay biznes muhitini yaratish, innovatsion texnologiyalarini joriy etish va infratuzilmalar bilan ta'minlanganlik darajasini yanada yaxshilash orqali aholi farovonligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi 500-sonli Qaroriga asosan Beruniy tumanida 2023-yil jami 3 mlrd. 898 mln. so'mlik 33 km ichki yo'llarni shag'allashtirish rejalashtirilgan. Shunga qo'shimcha ravishda 16 ta mahallada 68 kilometrdan ortiq tuproq yo'llarga qum-shag'al aralashmasi yotqizilishi belgilangan. Jami 101 kilometr ichki tuproq yo'llarga to'liq qum-shag'al aralashmasi to'kilib, holati yaxshilanadi. Senatorlar Yangiobod mahallasidagi ichki ko'chalarda qarorga qo'shimcha ravishda bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bugungi o'zgarishlar aholi kayfiyatiga ijobiy ta'sir qilib, fuqarolarning bugunidan rozi bo'lib, baxtli yashashiga, islohotlarning ko'z o'ngida sodir bo'lishiga guvoh bo'lishi bilan ahamiyatlidir.