Ishlab chiqarish sohasi yanada kengaymoqda.

12-09-2023 | 15:24

432

Sanoat va ishlab chiqarish sohasining o'sishi, hududlarning yanada rivojlanishiga, aholi daromadlarining barqarorlashishiga shu bilan bir qatorda ishsizlikning barham topishiga asos bo'ladi. Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan e'tibor sabab bugun tashkil etilayotgan korxonalar ayniqsa, sanoat tarmoqlarini jadal va barqaror  rivojlantirish, ularning eksport salohiyatini o'stirish,ichki bozorni milliy korxonalarda ishlab chiqarilgan maxsulotlar bilan ta'minlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish zarurligini taqozo etmoqda. Beruniy tumani Jayxun mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi “Kichik sanoat zonasi” da plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. “Jayxun omad shamoli” MCHJ da 2 mlrd so'm mablag' evaziga tashkil etilgan ishlab chiqarish sexida, ko'chat uchun maxsus idishlar chiqarilmoqda. Xitoy texnologiyasi asosida o'rnatilgan uskuna 1 oyda 1 million dona maxsus idish ishlab chiqarish quvvatiga ega. Beruniy tumanidagi Bo'ston, Birlik, O'.Jumaniyozov, Palvosh mahallasi hamda Sarkop ovul fuqarolar yig'inidagi aholining asosiy ish faoliyati ko'chat yetishtirishdan iborat bo'lib, bu jarayon yanvar oyidan boshlanadi. Oldinlari yog'ochdan ishlangan ko'chat idishlari ko'p mexnat talab qiladigan edi. Endilikda bu jarayondagi maxsus qadoqlash idishlari plastmassadan ishlab chiqarilib, yaroqsiz holatga kelib qolganlarini ham qayta ishlash imkoni mavjud. Korxona ochilishida tuman hokimi A.Saparbayev nuroniylar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirkor Jo'rabek Alimov mazkur ishni boshlashidan asosiy maqsad issiqxona bilan shug'ullanayotgan yurtdoshlarimizning ish faoliyatini yanada yengillashtirishni ko'zlagan. Endilikda buyurtma asosida Qoraqalpog'iston Respublikasining barcha tumanlariga tayyor mahsulot chiqarish yo'lga qo'yiladi. Shu bilan birgalikda plastik idishlar ishlab chiqarish ham rejaga kiritilgan. 

Bundan tashqari kichik sanoat zonasida sut va sut mahsulotlari, non va milliy shirinliklar, mebel va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan.