Bayramona tuhfa. Beruniy tumanida investitsiya dasturi asosida qurilgan yangi maktabgacha ta'lim tashkiloti ish boshladi.

30-12-2023 | 16:07

182

Bugun barchamiz o'z yakuniga yetayotgan 2023 yilni zo'r quvonch hamda ezgu taassurotlar bilan kuzatar ekanmiz, "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili" tumanimiz ahli uchun nihoyatda omadli kelganini, uning zamirida barcha soha vakillarining ulkan xizmatlari mujassamligini mamnuniyat bilan e'tirof etishimiz zarurdir.

Sifatli ta'limning birlamchi bo'g'ini bo'lgan maktabgacha ta'limni rivojlantirish Yangi O'zbekiston siyosatining eng ustuvor masalasi bo'ldi. “Ilk qadam” dasturi asosida 3-7 yoshdagi bolalarni ta'lim-tarbiyaga yo'naltirish, ularni sog'lom ovqatlantirish, jismoniy tarbiya, musiqa va san'atga oshno qilish, boshlang'ich chet-tillarini o'qitishga alohida e'tibor berildi. Tumanimiz tarixida ilk marotaba tarbiyalanuvchilarni maktabgacha qamrov darajasi 94.8 foizga yetdi. Eng chekka hududlarda ham zamonaviy tipdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari qad rostladi. Bundan tashqari tashabbusli byudjet loyihasi doirasida 24-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida 1 mlrd. so'mlik bolalar uchun yozgi ayvonchalar va o'yin maydonchalari qurildi.

Beruniy tumanida bugungi kunda 56 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 8 ta nodavlat hamda 355 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Mahtumquli ovul fuqarolar yig'ini hududida investitsiya dasturi asosida qayta rekonstruktsiya qilingan 43-sonli Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti bugun 90 nafar bolajonlarga sifatli va zamonaviy ta'lim-tarbiya berish imkoniyatiga ega bo'ldi. Investitsiya dasturi asosida 4.7 mlrd so'm mablag' ajratilib,  “Bo'ston obod maxsus qurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilgan. Yangi yilga mahtumquliliklar uchun yana bir bayramona sovg'a sifatida ishga tushirilgan 43-sonli Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining ochilish tadbirida, Beruniy tumani hokimining birinchi o'rinbosari U.Matirzaev ishtirok etib barchani Yangi yil bilan tabrikladi. Bayram arafasida bolajonlar uchun yangi yil sovg'asi bo'lgan bu muhtasham dargoh, xalqimizga uzoq yillar xizmat qilsin deya duoga qo'l ochildi.