#Beruniy tumanidagi og'ir hududda yana bir ta'lim-tarbiya maskani ishga tushdi

11-03-2022 | 21:18

776

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatiga e'tibor berish, ayniqsa, yaratilayotgan sharoitlardan kelib chiqib, tarbiya jarayonida yangi zamonaviy metodlarni qo'llash orqali sifat ko'rsatgichiga erishish bugungi kunning talabi hisoblanadi.

 

Qulay sharoit va kerakli vositalar ta'lim-tarbiya jarayonining uzluksiz davom etishini ta'minlaydi. Bugun Beruniy tumanida barcha sharoitlarga ega bo'lgan 42-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti ishga tushirildi.

 

Tadbirda Beruniy tumani hokimi A.X.Saparbaev, sektor rahbarlari, Davlat bojxona Qo'mitasi ma'muriyati, nuroniylar, Do'stlik OFY faollari va maktabgacha ta'lim tashkiloti a'zolari ishtirok etdi.

 

Shu o'rinda raqamlarga e'tibor qaratsak:

 

2017 yilda Beruniy tumanida maktabgacha ta'limga qamrov darajasi 20.1% ni tashkil qilgan bo'lsa, 34 ta maktabgacha ta'lim tashkilotida 3519 nafar bolajonlar qamrab olingan. 2020 yilda bu ko'rsatgich 47.8% ni tashkil qilib, 122 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 8104 nafar bolajonlar qamrab olingan.

 

 Ho'sh 2021 yilda bu ko'rsatgichlar Beruniy tumanida qanday holatda edi? Olib borilgan say'-harakatlar o'z natijasini ko'rsata oldimi? Albatta, tuman hokimining tashabbusi bilan erishgan yutuqlar quvonarli. 70.9% natija bilan 12.317 nafar bolajonlar maktabgacha ta'limga qamrab olingan. Mazkur ko'rsatgichni 2022 yilning oxiriga qadar qamrov darajasini 95.7% ga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Bugun o'z faoliyatini boshlagan 42-sonli DMTT 1997 yilda o'z faoliyatini tugatib, 2021 yilgacha qarib 25 yil davomida tashlandiq ahvolga kelib qolgan edi.

 

2020 yil 2-oktyabrda Davlat rahbarining Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida barcha tumanlarga vazirlik va idoralarni biriktirgan bo'lib, 2020-2023 yillarda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda amaliy yordam berish bo'yicha Beruniy tumaniga Davlat Bojxona Qo'mitasi va Qishloqqurilishbank biriktirldi.

 

Tumandagi 3 ta og'ir hududni o'rganishlar davomida Do'stlik OFY hududidagi 42-sonli DMTT ni Davlat Bojxona Qo'mitasi o'z hisobidan ta'mirlab berish bo'yicha kelishib olindi.

 

Tender natijasiga ko'ra, 1 mlrd 800 million so'm mablag' evaziga Jamshid MCHJ tomonidan 4 oy davomida kapital ta'mirlanib ishga tushirildi.

 

120 o'ringa mo'ljallangan maskan o'zgacha ko'rinishga ega bo'ldi. Tumandagi Oltinsoy, Do'stlik va Qizilqal'a OFY og'ir hudud toifasiga kiritilgan.

 

Shu yerlik aholining eng asosiy murojaatlari ham aynan bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish bo'yicha bo'lib, bugun bu murojaatlar ham ijobiy hal qilindi.

 

Xalq roziligi yo'lida olib borilayotgan bu kabi ishlarning eng savoblisi ta'limga bilimga yo'naltirilgan investitsiyadir.

 

Zamonaviy sharoitlarda ta'lim-tarbiya olgan bolajonlar vaqti kelib, yurt xizmatiga labbay deb javob beradigan bilimli o'g'il-qizlar bo'lib yetishishiga ishonch bildiramiz.