«To'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi» umummilliy harakati nima?

30-05-2023 | 18:46

344

O'zbekistonda aholi orasida yuqumli bo'lmagan kasalliklarning oldini olish, sog'lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida «To'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi» umummilliy harakati yo'lga qo'yildi. Bu haqda 2023 yilgi davlat dasturida quyidagicha belgilab qo'yilgan.

Harakat quyidagilarni nazarda tutadi:

-aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o'z sog'lig'i va ovqatlanishini nazorat qilishni o'rgatish, to'g'ri ovqatlanish bo'yicha mobil ilova yaratish;

-bolalarga mo'ljallangan nosog'lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlarni kuchaytirish;

-ta'lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyog'lar miqdori yuqori bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta'm va rang beruvchi qo'shimchalar ro'yxatini tasdiqlash va iste'molini kamaytirish;

-mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog'lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;

-yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to'g'ri ovqatlanish, sog'lomlashtirish mashqlari va gigiena qoidalari to'plamini yaratish;

-ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug'ullanishi va sog'lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Buning natijasida aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va keksalar orasida sog'lom ovqatlanishni tashkil qilish va jismoniy faollikni targ'ib qilish hisobiga yuqumli bo'lmagan kasalliklarning oldini olish, zararli odatlar va nosog'lom turmush tarzini kechirish oqibatlari bo'yicha axborot-targ'ibot ishlari olib boriladi. Beruniy tumani Bo'ston mahallasida to'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi umumilliy harakatini amalga oshirish bo'yicha targ'ibot tashviqot ishlari amalga oshirildi.

Mazkur mahalla hududidagi “Ayollar daftari”da ro'yxatda turgan xotin-qizlarni tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. Foydali va zararli mahsulotlar bo'yicha aholiga tibbiyot mutahassislari tomonidan tushuntirishlar berildi.