Suv tejaovchi texnologiyalardan samarali foydalanish bo'yicha seminar tashkil etildi

06-05-2023 | 11:33

490

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo'yicha kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida”gi  qarorining mazmun-mohiyatini suv iste'molchilariga tushuntirish ko'rgazmali seminarlar tashkil qilinmoqda.

Prezidentimizning shu yil 1-apreldagi 107-sonli qarorida belgilangan vazifalar  ijrosini ta'minlash hamda ayni kunlarda suv xo'jaligi sohasidagi ustuvor vazifalar, xususan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlarini jadallashtirish yuzasidan ko'rgazmali seminar o'tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi qishloq ho'jaligi vaziri D.Kaipov, Beruniy tumani hokimi A.Saparbayev, qishloq va suv xo'jaligi mas'ullari, sektor rahbarlari, klaster hamda fermer xo'jaligi rahbarlari, qurilish tashkilotlari vakillari ishtirok qildi. Tadbirda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash, qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, shuningdek, sug'oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, joriy sug'orish mavsumida suv kam bo'lishi kutilayotgani ta'kidlandi. Prognoz ma'lumotlarga ko'ra, 2023 yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi ko'p yillik me'yorga nisbatan Amudaryo havzasida 15 — 20 foizga kam bo'lishi kutilmoqda. Shu bois suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish bo'yicha suv iste'molchilariga alohida ko'rsatmalar berildi.

-Ayni kunlarda “Tuyamo'yin” suv omboriga o'tgan yilga nisbatan sekundiga 400 metr kub  suv kam kelmoqda, - deydi Qoraqalpolpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining bo'lim boshlig'i U. Orazimbetov. - Bugungi kunda 2 mlrd. 600 mln. metr kub suv zaxirasi to'plangan bo'lib, bu o'tgan yilga nisbatan 300 mln. metr kub ko'pligini bildiradi. Lekin vaziyat shunday davom qilsa, suv ommoridagi suv zaxirasi hozirgi kunda suv iste'molchilarining suvga bo'lgan talabining borgan sari ortishiga qarab 15-20 kunga yetishi mumkin. Shu bois seminarlarda mavjud suv resurslarini qat'iy taqsimlagan holda foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etishni kengaytirish, irrigatsiya tizimlarida suv yo'qotishlarni kamaytirish bo'yicha ko'rsatma va tavsiyalar berilmoqda.

Seminarda paxta maydonlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqada qolayotgani tanqid qilindi va bu borada zudlik bilan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi. Shuningdek,  suv iste'molchilariga ko'rsatilgan xizmatlar uchun “Maxsus xizmat”ga tegishli mablag'larni o'z vaqtida ajratish va suvning hisobini to'g'ri yuritish borasida ham   kamchiliklarga yo'l qo'yilayotgani aytib o'tildi va suv iste'molchilariga tegishli ko'rsatmalar berildi.

 

Shu yo'nalishdagi ko'rgazmali seminarlar Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida barcha tumanlarda o'tkazilishi belgilangan.