QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR!O'ZINI O'ZI BAND QILGAN SHAXSLARGA BALIQ YETISHTIRISHGA RUXSAT BERILDI

18-01-2022 | 09:57

453

Prezident tomonidan baliq mahsulotlari turlarini ko'paytirish, eksport salohiyatini oshirishga yo'naltirilgan 13.01.2022 yildagi “Baliqchilik tarmog'ini yanada rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror imzolandi.

Hujjat bilan Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilgan baliqchilik klasterining aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tajribasini har bir viloyatda joriy etish nazarda tutilgan.

Kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
•  baliqchilik xo'jaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish bo'yicha o'qitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur bo'lgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral o'g'itlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi;
•  xonadon egalari o'z xonadonlarida baliqchilik xo'jaliklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlardan foydalangan holda intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.
 Belgilanishicha:
•  2022 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida o'z xonadonida baliq yetishtirishni yo'lga qo'yishga ruxsat beriladi;
•  2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo'lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan, biroq daromadining 80%idan ortig'ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan sub'ektlar uchun foyda solig'i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag'lardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50%ga kamaytiriladi;
•  baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig'i va mol-mulk solig'i stavkasi 50% miqdorida belgilanadi.Shuningdek hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
•  2022 yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirish prognoz parametrlari;
•  2022 yilda sun'iy (ekstensiv) suv havzalarini intensivlashtirish va baliq ovlash hajmlari bo'yicha prognoz parametrlari.
 “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida jalb qilinayotgan kredit liniyasi hisobidan 20 mln yevro miqdoridagi mablag'lar intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun yo'naltiriladi.
 2022 yil 15 yanvardan boshlab “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kredit BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha oshiriladi.
 
Shu bilan bir qatorda:
•  2022 yil 1 apreldan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo'nalishi bo'yicha o'quv kurslarida o'qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg'armasi mablag'lari hisobidan BHMning 2 barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi;
  

   "Madad" -NNTning Beruniy tumani xuquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi: U.Masharipov