PUXTA AGROTEXNIKA - MO'L HOSIL GAROVIDIR!

19-04-2022 | 18:02

442

Dehqonchilik uchun oson kelgan yilning o'zi yo'q. Har yili o'ziga hos qiyinchiliklar bo'ladi. Tabiat o'zining u yoki bu injiqligi bilan dehqonning irodasini, sabr-bardoshini sinovdan o'tkazadi. Bu yil ham tabiatning ana shunday sinovlaridan biri bo'ldi. Aslida omilkor dehqonlarimiz tabiatning qiyinchiliklarini o'zlarining ko'p yiliik tajribalariga tayangan holda yengib, ulkan hosil xirmonlarni yaratish uchun bor bilimlarini ishga solishmoqda.

G'o'za qator oralarida o'z vaqtida va sifatli ishlov berish katta ahamiyatga ega. Xususan, yer namligini kamaytirish, tuproq orasiga havo, quyoshning issiq harorati kirishi uchun yetarli sharoit yaratish, ortiqcha namlikni chiqarish, tuproqni mayin, donador holatga keltirish maqsadida g'o'za qator oralariga ishlov berishni sifatli amalga oshirish shart. Havo haroratining tez va muntazam ko'tarilib borishi natijasida g'o'zaga o'z muddatida va sifatli ishlov berilmasa, nihollar rivojlanishdan orqada qoladi.

Ma'lumki, tuproqning suv-fizik, mikrobiologik xususiyatlari, havo almashinuvi va ozuqa tarkibi yaxshilanishi, begona o'tlarning kamayishi, tuproq namligi va sug'orish suvlaridan unumli foydalanish kul`tivatsiyaga bog'liqdir. G'o'za qator oralariga ishlov berishda tuproq xususiyatlari, joyning rel`efi va suv ta'minotiga qarab, kul`tivatsiya chuqurligi, o'tkazish soni va muddati belgilanadi.

G'o'za maydonlarida birinchi ishlov berish g'o'za nihollari 70-80 foiz unib chiqib, qatori ko'ringandan boshlanadi. Dastlabki kul`tivatsiyada tuproqqa sifatli ishlov berilsa, hali unib chiqmagan nihollar tezlik bilan unadi, tuproq mayinlashadi, o'simlik ildizi chuqur rivojlanadi, gommoz, ildiz chirishi kasalliklarining oldi olinadi.

Ayni damda chigit ekish ishlari davom etayotgan bir vaqtda, unib chiqqan g'o'za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni ya'ni qator oralariga birinchi ishlov berish ishlarini tashkil etish talab qilinmoqda. Shu bois, joriy yil 19 aprel kuni “Biybazar” OFY hududidagi “Beruniy klaster” MCHJda g'o'za maydonlariga birinchi ishlov berish (kul`tivatsiya) tadbirlarini sifatli o'tkazish bo'yicha ko'rgazmali seminar o'tkazildi. Seminarga Beruniy tumani hokimi A.Saparbayev va sektor rahbarlari, tuman hokimining qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari S.Urunbaev hamda tegishli korxona, tashkilotlar va fermer xo'jaliklari rahbarlari qatnashdi.

Seminar davomida, g'o'za qator oralariga ishlov berishni erta boshlash katta ahamiyatga egaligi ya'ni bu tadbirning kechiktirilishi hosilni 15-20 foizgacha kamaytirib yuborishi hamda tadbirni o'tkazishda qatnashadigan texnika vositalarini sifatli va unumli ishlatish orqali ko'l mehnatini mumkin qadar kamaytirish uchun juda katta iqtisodiy samara berishi tushuntirib o'tildi.

Shuningdek, birinchi kul`tivatsiyani past tezlik hamda kam chuqurlikda o'tkazish maqsadga muvofiqligi, bunda begona o'tlarning ko'pligi, dala tuprog'ining zichligi, qatqaloqning borligi kabi omillarni inobatga olish, qator oralariga dastlabki ishlov berishda sifatini ta'minlash uchun kul`tivator ishchi qismlarini (organlarini) to'g'ri tanlash va ularni qator oralariga to'g'ri joylashtirish katta axamiyatga egaligi ta'kidlab o'tildi.

Qolaversa, ushbu oyda shira, trips, kuzgi tunlam kabi zararkunandalarning xuruji ortib boradi. Shu sababli, joylarda biolaboratoriya xodimlari va dala nazoratchilarining ishini tizimli ravishda tashkil etish, dalalarga feromon tutqichlar o'rnatish va har bir dalani doimiy kuzatuvga olish, foydali hashorotlarni dalalarga tarqatish tadbirlarini o'tkazish tavsiya etiladi.