Hokim yordamchisi bilan bir kun

11-02-2022 | 10:22

421

Hokim yordamchisi bilan bir kun. Supurgi ishlab chiqaruvchi mahalliy mini fabrika haqida eshitganmisiz? Bunaqasini Beruniydan topasiz

Shimom ovul fuqarolar yig'ini. Beruniy tumanidagi katta hududlardan biri. Hozirda 1248 ta xonadonda yashovchi 7448 aholi  bor. 2022 yilning 10 yanvaridan ish boshlagan hokim yordamchisi bilan hududni va u yerda istiqomat qilayotgan aholini o'rgandik. O'rinboy Qalandarov hokim yordamchisi bo'lgunga qadar, tuman Xalq banki filiali rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. 

Suhbatdoshimiz bizga mahallasidagi o'rganishlar davomida nimalarga erishganini aytib, davlatimiz rahbarining mahallabay, xonadonbay o'rganinglar deganida ko'p ma'no borligini tushundim dedi. Eng asosiysi xalq orasiga kirasiz, qaysi xonadonda nimalar qilsa bo'ladi shu savollarga javob topasiz deb birgalikda xonadonlarga kirdik. Shimom ovulidagi drayver soha bu supurgi ishlab chiqarish. Bu mahalliy turda, uy sharoitida ishlanadi. Misoli kichik fabrika. 

Supurgi ishlash kuz oyidan boshlanib, mavsum iyun oyigacha davom etadi. Shu davr mobaynida mini fabrika egasi Shavkat Baymuratov kuniga 20-30 kishini ish bilan ta'minlaydi. Supurgi urug'ini ekish, yetishtirish va hosilni yig'ib olib, uni tayyor mahsulot holatiga keltirib sotishgacha bo'lgan barcha ishlar qo'l mexnatiga asoslanadi. Shuning uchun ham mahalliy mini fabrika deb atadik. Supurgi tayyorlagan soniga qarab, kuniga 30 ming sumdan 50 ming sumgacha daromad topadi, deyarli 7 oy davomida ishchi ishlatamiz bahordan boshlab, ekishga chiqib ketamiz deb qoldi. 

Tadbirkor hokim yordamchisiga hududdagi 30 ta xonadon supurgi tayyorlash bilan doimiy shug'ullanib, xaftaning bir kunini Shabboz dehqon bozori hududidan yer ajratib bergan holda ulgurji savdo bilan shug'ullanishga amaliy yordam berishni so'radi. Mexnat ortidan kelgan daromad sarhisobini esa kamtarligi sabab tadbirkorimiz sir tutdi. 

Ispaniyadan keltirilgan echki va Tojikiston qo'ylari. Bir xonadonda bularni ham uchratdik. Hozirda bolalash mavsumining oldi ekan. Echkilar kuniga 4 litr sut beradi suti shifobaxsh. Bularni ko'paytirish va mahalliy turga chatishtirish orqali, shu yo'nalishda fermer ho'jaligi ochish niyatidaligini xonadon egasi bildirib o'tdi.
Qorako'l terisidan telpak yasashni yo'lga qo'ygan hunarmand Otabek Saburov turli o'lchamdagi bosh kiyimlarni tikish bilan shug'ullanadi. 2 nafar shogirdga ham hunar o'rgatmoqda. Qorako'l terisi tabiiy va zararsiz hisoblanib, iqlim sharoiti sovuq o'lkalar uchun mo'ljallangan. Ayniqsa bu telpakchilik sohasi Qoraqalpog'iston, Xorazm va Buxoro viloyatida keng tarqalgan deya aytib o'tdi.

Qish kunlarida issiqxonada yetishtirilgan sabzavot va poliz ekinlariga ehtiyoj katta bo'ladi. Bu galgi oilaning asosiy ishi va daromadi tomorqasidagi issiqxonada  yetishtirilayotgan ismaloq, shivit, ko'k piyoz, rediska va bir qancha ko'katlar hisobidan ekan. Birinchi yetishtirganlarni ichki bozorda sotdik, bu ikkinchi navbati foydasi yaxshi, endilikda issiqxonani kengaytirishni maqsad qilgan. Hokim yordamchisi O'.Qalandarov bu boradi kreditlarni oila vakiliga tushuntirib berdi. 

Parranda yetti xazinaning biri. Yashayotgan uyning bir chekkasidan shinamgina tovuqxona qurib, unda 900 ta tovuq boqayotgan tadbirkor Yusupov Bektemur ham diqqatimizni tortidi. 900 ta tovuq bir kunda 450-500 tuxum beradi. Asosan do'konlarga tarqataman, sababi mahalliy tovuqlar tuxumining bozori chaqqon. O'ziga yarasha parvarish va tozalash ishlari olib boriladi. Bir hil havo sharoitini o'zgartirmaslik va yemini o'z vaqtida berish zarurdir deb fikrlarini aytib o'tdi. Bundan tashqari g'oz, kurka, o'rdak barchasidan bor. Inson bir yo'nalishni yaxshi egallasa “hadisini olibdi” deya aytamiz. Bugungi qahramonlarimiz ham ishning ko'zini bilgan ishbilarmonlardir.

Hududdagi 51 nafar yoshlarga aholiga xizmat ko'rsatish sohalari bo'yicha yordam berishga yoshlar yetakchisi bilan o'rganilib, kelishib olingan. Drayver sohalardan tashqari hududda parrandachilik va yerdan unumli foydalanish bo'yicha issiqxonalarni ko'paytirishni o'z rejamga kiritdim dedi hokim yordamchisi. Sababi issiqxonadan yiliga 2-3 marotaba hosil olsa bo'ladi. Parrandachilikni uy sharoitida ham ishlashning imkoniyati katta, to'g'ri katta zavodlar qura olmasligimiz mumkin, ammo, uy sharoitida, mahalliy sohalarni rivojlantirgan holda katta ishlar qila olamiz deya ertangi kundagi ko'p rejalarini aytib o'tdi O'rinboy Qalandarov. Imkoniyatning eshigi ochiq, o'rganing, o'rgating, foyda oling bu sizning qo'lingizda...