#G'alladan bo'shagan maydonlar “Ijtimoiy daftar” da turgan aholiga ajratib berildi

20-06-2022 | 22:47

492

2022 yil g'alla hosili uchun Beruniy tumanida 5000 gektar maydonga g'alla ekilgan bo'lib, bugungi kunga kelib g'alladan bo'shagan maydonlarni ehtiyojmand aholi qatlamiga ayniqsa “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” da turgan fuqarolarga ajratib berish ishlari boshlab yuborildi.

Bugun Beruniy tumanida o'tkazilgan o'quv seminari mavsumiy yerdan foydalanishning afzalligi, takroriy ekin ekish orqali daromad topish hamda aholi bandligini ta'minlashga qaratildi. Qishloq ho'jaligida g'alladan bo'shagan maydonlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida qishloq ho'jaligi mahsulotlarini yetishtirish ayniqsa, eksportbop navlarga e'tibor berish masalasi tuman hokimi A.Saparbayev tomonidan tushuntirildi.

Seminar davomida mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi va mahalla xotin-qizlar faoli qatnashdi.

 Navoiy OFY da joylashgan “Izzat Jumaniyazov” fermer ho'jaligida g'alladan bo'shagan 6.9 gektar maydon 21 nafar ijtimoiy daftarda turgan fuqarolarga takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi.

Tinchlik ovul fuqarolar yig'inidagi “Zokirboy Urazbaev” fermer ho'jaligidagi g'alladan bo'shagan 9.4 gektar maydon 28 nafar fuqarolarga ajratib berildi. Jami hudud bo'yicha 49 gektar yer ikkinchi marotaba foydalanish va hosil olish uchun 127 nafar ijtimoiy daftardagi fuqarolarga berilishi rejalashtirilgan.

“Bog'dorchilik va issiqxona ho'jaligini rivojlantirish” agentligi tomonidan hududlarda eksportbop mahsulotlarning yetishtirilishi uchun yordam bermoqda. Natijada, yerdan unumli foydalanuvchilarga mo'l hosil olish va ko'p daromad topishning yo'llarini o'rgatiladi.

Bu yil Beruniy tumaniga sabzining yangi navi va mosh o'simligining 90 kunda pishib, hosili yetiladigan navidan ekishni tavsiya qilmoqda. Dehqon uchun foydali hususiyati esa mahsulot yig'ib-terib olingach agentlik o'zi xarid qiladi va eksportni amalga oshiradi. Bu qulaylikdan foydalanishni niyat qilgan yer egalari o'z ishlarini boshlab yubordi.