“Davlat xizmatlari ko'rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6269-son Farmonining mazmun - mohiyati

22-04-2022 | 18:14

405

Ko'chilik yaxshi bilsa kerak: mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko'rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko'rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida ko'plab davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni ko'rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o'rtacha ikki barobarga qisqartirildi.

Afsuski, mamlakatimizdagi hozirgiday qulay sharoitdayam davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmatlarning qamrab olish darajasi pastligi, davlat xizmatlarini ko'rsatish muddatlarining uzunligi, ular bo'yicha to'lovlarning yuqoriligi, aksariyat davlat organlarining zarur ma'lumotlari to'liq raqamlashtirilmaganligi ham bor holat. Bu esa o'z navbatida davlat xizmatlari ko'rsatish sohasida oldimizda turgan vazifalarning ko'lamdorligidan dalolat beradi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyuldagi “Davlat xizmatlari ko'rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6269-son  Farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 noyabrdan «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimida ro'yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko'rsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yig'imlar va boshqa har qanday to'lovlar bo'yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo'llaniladi.

Ushbu Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab, chet elda doimiy yashovchi O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratish belgilandi. Ayni paytda O'zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo'linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshirish, litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada belgilangan to'lovlarni bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizigacha miqdorda belgilash, 2022 yil 1 yanvardan boshlab O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda O'zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish tartibi o'rnatildi.

Xullas, biz yuqorida tilga olgan Prezident Farmoniga asosan, xalqqa xizmat ko'rsatishning eng qulay usullari belgilandi. Ortiqcha qog'ozlikka, ovoragarchilikka barham berildi. Xalqqa xizmat ko'rsatishning savobi katta. Davrga mos tarzda xizmatlarimiz xolis b`o'lsa, xalqqa yoqsa, demak biz kutilgan natijaga erishgan bo'lamiz.

Beruniy tumani DXM bosh mutaxassisi.                                          F.R. ABDALOV