Beruniy tumanida abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazi orqali xizmat ko‘rsatilmoqda

25-07-2022 | 18:55

452

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqarmasining “2022/2023 o‘quv yili uchun Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori imzolandi.
 Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 10-iyul kunidan e’tiboran Beruniy tumani Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazida abituriyentlarning hujjatlarini onlayn topshirish jarayonlari tashkil qilindi hamda ushbu jarayon 27-iyulga qadar davom etadi.
Abituriyentlarning hujjat topshirishlariga yaqindan yordam berish maqsadida, Beruniy tumaniga Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘qituvchilari mas’ul qilib biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan abituriyentlarga Oliy ta’lim muassasalaridagi qabul kvotalari haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Aytib o’tish joizki, joriy yilda Beruniy tumani bo‘yicha jami 2202 nafar yoshlarimiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinfini bitirib, hozirda ularning 1485 nafari Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun hujjatlar topshirgan, davlat xizmatlari markazi orqali bugungi kun holatiga 1128 nafar abituriyentlarga xizmat ko‘rsatildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, test sinovlari tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar, nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotidagi va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar test sinovlari uchun to‘lovni amalga oshirmaydi.
Bugungi kunda yurtimizda ta’lim tizimida abituriyent va talabalar uchun, ayniqsa xotin-qizlar uchun ko‘plab yangiliklar joriy etilmoqda. 
Tegishli Prezident qaroriga ko‘ra, oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratilishi belgilandi, bunda:
tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi;
har yili 20 iyulgacha tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori, 2022/2023 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta’lim muassasasiga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bunda o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi. Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.

Mana shunday imkoniyatlar yoshlarimiz uchun ta’lim olish sohasida katta ko‘mak bo‘lib, ulardan faqat ushbu imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib, bilim olishga va shu orqali maqsadga erishishga chorlaydi. Zero, yoshlarimiz hayotimiz davomchisi, ertangi kun egalaridir.