27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Beruniy tumani hokimi Saparbaev Atabek Xudaybergenovichning bayram tabrigi

27-06-2022 | 10:03

680

      Avvalambor, siz aziz jurnalistlarni, matbaa va nashriyot, televidenie, sohasining jonkuyar ijodkorlarini, soha faxriylarini 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bugungi kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklayman.

      Ijod ahli, ayniqsa, jurnalistlar ro'y berayotgan voqealikka teran ko'z bilan boqib, so'zning buyuk qudrati sizning yozgan har bir baytingizda, asarlarning har bir qatorida inson yuragiga yaqin joyda joylashgan uni o'z hayoti va turmushi bilan chambarchas tasavvur etib fikrlaydigan jonkuyar insonlar, qalbi qaynoq kishilardir. Yaratuvchanlik va farovonlikni har qadamda ta'minlash uchun zarur bo'lgan davlat boshqaruvi hamda xalq o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni aynan mana shu kasb egalaridagi jonkuyarlik va fidoyilik timsolida ko'ramiz desam, ayni haqiqatni aytgan bo'laman.

      Ijod va tafakkurning ta'sirchan muhitida shakllanib, elu-xalqimizning manfaati, kelajagini ko'zlab amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini yoritishda muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev  ta'kidlaganlaridek, "Ommaviy axborot vositalari so'zda emas, amalda "to'rtinchi hokimiyat" darajasiga ko'tarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi» degan fikrlariga monand faoliyat yuritmoqdasiz.

     O'zbekistonda so'z erkinligi matbuot sohasiga berilgan e'tibor sabab, so'ngi uch yil ichida ko'plab yangi o'zgarishlar sodir bo'ldi. Albatta, bularning barchasi inson qadrini ulug'lash kabi ezgu g'oyaning amalda yorqin  nomoyon bo'layotganidan darak beradi. Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda ommoviy axborot vositalariga hamda shu soha vakillarining bilim va iste'dodlariga tayanamiz. Internet jurnalistikasi orqali har daqiqada dunyo bo'yicha barcha yangiliklarni muntazam kuzatib borish imkoniyati kuchaydi. Davlat boshqaruvi organlari raxbarlarining xalq bilan yanada yaqin bo'lishi, ular bilan ochiq muloqot, davra suhbatlari, brifinglar, shuningdek, xalq oldida hisobdorlikni yanada oshirish maqsadida matbuot anjumanlari o'tkazish yo'lga qo'yildi. Bu esa o'z navbatida raxbarlarning davlat va  jamiyat oldidagi daxldorlik hissini yanada orttiradi.

     Tanqidiy materiallarga o'z vaqtida tezkorlik bilan javob berilishi natijasida aholining rasmiy manbaalarga bo'lgan ishonchi yanada ortdi. Bu esa dunyo bo'yicha ochiqlik siyosatida O'zbekiston imidjini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda olib borilayotgan odilona va xalqparvar siyosatni targ'ib etadigan qalam ahlining O'zbekiston taraqqiyotidagi ulushi salmoqli, sharafli xizmatlari esa samimiy ehtiromga loyiq.

     So'nggi yillarda  ommaviy axborot vositalari turli yo'nalishlarda o'z iqtidorini nomoyon qilib, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga dolzarb mavzu va masalalarning keng yoritilishiga hissa qo'shmoqda. Hozirgi vaqtda ommoviy axborot vositalari xalqimizning ilmiy-ma'rifiy, ma'naviy-madaniy saviyasini yuksaltirish yo'lida o'z faoliyatini takomillashtirib borayotgani e'tiborga  loyiqdir. Bularning barchasi, hech shubhasiz, sog'lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etadi.

     Bugungi kunda tumanda ommaviy axborot vositalarida xizmat qilayotgan jurnalistlarimiz zimmalaridagi mas'uliyatli vazifani sidqidildan ado etmoqdalar, deb ayta olaman. Matbuot hodimlari sizlar bilan amalga oshiradigan ishlarimiz bisyor. Yutuqlarimiz bilan bir qatorda muammolarimiz ham bor, albatta, bularni hamkorlikda, birdam va bahamjihatlikda hal qilamiz. Bu yo'lda birlashamiz.

Aziz do'stlar!

     Har qanday kasb ezgulikka xizmat qilar ekan, shubhasiz, xalq nazarida ulug'vor, jamiyat hayotida qadrlidir. Shu ma'noda, zimmangizdagi ulkan va zahmatli mehnatni ulug'lab, shu kasbdan qadr va sharaf topib yurganingiz sizga Yaratganning inoyatidir. Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlar ekanman, kasbingizdan doimo baraka topib, el nazaridan qolmang. Bayram munosabati bilan barchangizning oilalaringizga tinchlik-hotirjamlik, tan sihatlik tilayman. Qalamingiz o'tkir, fikrlaringiz teran bo'lsin.

Kasb bayramingiz muborak bo'lsin!!! Biz har qadamda  faoliyatingizni qadrlaymiz. Mashaqqatli, ammo, mazmunli ishlaringizda doim omad yor bo'lsin. Yangilik izlab uni yoritishdan charchamanglar.

 

A.X.Saparbayev

Beruniy tumani hokimi